+998-73-529-58-01, +998-73-529-58-13 info@buvaydatib.uz

IS GAZIDAN OGOH BO‘LING! — HAYOT XAVFSIZLIGI HAR BIRIMIZ UCHUN MUHIM

Buvayda Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida o‘quvchilar ishtirokida is gazidan zaharlanishning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot-tushuntirish tadbiri o‘tkazildi.

Tadbir davomida o‘quvchilarga is gazi (uglerod oksidi)ning inson hayoti va salomatligi uchun naqadar xavfli ekani, undan zaharlanish holatlari hamda bunday noxush vaziyatlarning oldini olish choralari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Mutaxassislar tomonidan is gazining hidsiz va rangsiz bo‘lishi, inson organizmiga tez ta’sir etishi hamda zaharlanish og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligi alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, gaz va isitish moslamalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish, xonalarni muntazam shamollatish, mo‘rilar va ventilyatsiya tizimlarining sozligini nazorat qilish, nosoz isitish jihozlaridan foydalanmaslik yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.

Tadbirda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda to‘g‘ri harakat qilish, jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish hamda zudlik bilan tegishli xizmatlarga murojaat qilish muhimligi ham tushuntirildi.

Bunday profilaktik tadbirlarning asosiy maqsadi — o‘quvchilarning favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning hayoti va salomatligini muhofaza qilish, shuningdek, aholi o‘rtasida xavfsizlik madaniyatini yuksaltirishdan iborat.

Unutmang: is gazi xavfini e’tiborsiz qoldirmang! Xavfsizlik qoidalariga rioya qilish — hayotingizni asrash demakdir!