2025-yil 9-yanvar kuni Buvayda Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat Salomatligi texnikumida “Vatanparvarlik oyligi” doirasida Farg‘ona sharqiy harbiy okrugi 25882-harbiy qismi hodimlari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi talabalarda vatanparvarlik tuyg‘usini yanada mustahkamlash, yurtga sadoqat va xizmat qilishga bo‘lgan mas’uliyatni oshirish edi. Davra suhbati davomida harbiy xizmatchilar mamlakatimizning mudofaa tizimi, harbiy xizmatning ahamiyati hamda yosh avlodning bu boradagi roli haqida atroflicha ma’lumot berishdi.
Tadbir ishtirokchilari harbiylarning qahramonligi va fidoyiligiga oid qiziqarli hikoyalarni tinglab, ular bilan ochiq muloqotda bo‘lish imkoniga ega bo‘lishdi. Yoshlar harbiy xodimlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, harbiy xizmat haqida yanada kengroq tushunchaga ega bo‘lishdi.
Davra suhbati nafaqat bilim va tajriba almashish maydoniga, balki talabalarda vatanparvarlik va mardlik fazilatlarini shakllantirishga xizmat qiladigan mazmunli tadbirlardan biri bo‘ldi.
Buvayda Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat Salomatligi texnikumi ma’muriyati

